Xorijiy fuqaro uchun O‘zbekistonda MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish
2026-yilda bosqichma-bosqich qo‘llanma

Mundarija
- Xorijiy fuqaro O‘zbekistonda MChJ ochishi mumkinmi?
- Oddiy MChJmi yoki xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonami?
- Ta’sischi kim bo‘ladi: xorijiy fuqaro yoki xorijiy kompaniyami?
- Xorijiy kompaniyaning qaysi hujjatlarini legallashtirish kerak?
- Ta’sischi xorijiy fuqaro bo‘lsa, JShShIR oling
- Bo‘lajak kompaniyaning asosiy parametrlarini belgilang
- Ta’sis hujjatlarini tayyorlang
- Yuridik manzilni belgilang
- MChJ direktori kim bo‘lishi mumkin?
- MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekistonga kelish kerakmi?
- Ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin nima bo‘ladi?
- Bank hisobvarag‘ini qanday ochish mumkin?
- Qaysi soliq rejimini tanlash kerak?
- Xorijiy ta’sischi kompaniyaning o‘zida ishlamoqchi bo‘lsa, nima qilish kerak?
- Xorijiy ta’sischi uchun bosqichma-bosqich reja
- O‘zbekistonda MChJni ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz ochmoqchimisiz?
Xorijiy fuqaro yoki xorijiy kompaniya O‘zbekistonda biznesini ro‘yxatdan o‘tkazishi va mahalliy MChJning ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Bunda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zi, umuman olganda, murakkab emas: asosiy ish ariza topshirishdan ko‘ra hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlash, kompaniya tuzilmasini belgilash, xorijiy hujjatlarni rasmiylashtirish va direktor masalasini hal qilish bilan bog‘liq.
2026-yilda MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish, jumladan, 2026-yil 22-iyuldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi yangi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Xorijiy ta’sischi uchun bir nechta muhim jihatlar mavjud. Ular kompaniya egasi kim bo‘lishiga — jismoniy shaxs yoki xorijiy tashkilot, kompaniya to‘liq xorijiy kapital asosida tashkil etiladimi, direktor kim bo‘ladi va jamiyatning ustav kapitali qancha miqdorda belgilanadi — shunga bog‘liq.
Ushbu maqolada butun jarayonni bosqichma-bosqich ko‘rib chiqamiz.
Qisqacha: xorijiy fuqaro MChJ ochish uchun nimalarni tayyorlashi kerak?
MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun quyidagilarni oldindan tayyorlang:
- ta’sischining ma’lumotlari va hujjatlari;
- agar ta’sischi xorijiy fuqaro bo‘lsa — uning pasporti va JShShIR;
- agar ta’sischi xorijiy kompaniya bo‘lsa — uning ro‘yxatdan o‘tganligini va vakilining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
- tashkil etilayotgan kompaniyaning nomi;
- yuridik manzil to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- tashkil etilayotgan Jamiyatning ustav kapitali miqdori;
- asosiy va qo‘shimcha faoliyat turlari (OKED);
- direktor to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- tanlangan soliq rejimi;
- ta’sis hujjatlari.
Xorijiy fuqaro O‘zbekistonda MChJ ochishi mumkinmi?
Ha. Amaldagi «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, MChJ ishtirokchilari jismoniy va yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin. Jamiyat bir shaxs tomonidan ham ta’sis etilishi va bitta ishtirochiga ega bo‘lishi mumkin. Ishtirokchilar soni ko‘pi bilan 50 nafar bo‘lishi mumkin.
Bu O‘zbekistonda MChJ, masalan, quyidagilar tomonidan tashkil etilishi mumkinligini anglatadi:
- bitta xorijiy fuqaro;
- bir nechta xorijiy fuqarolar;
- xorijiy kompaniya;
- bir nechta xorijiy kompaniyalar;
- xorijiy va O‘zbekiston fuqarolari yoki kompaniyalari birgalikda;
- turli kombinatsiyadagi bir nechta jismoniy va yuridik shaxslar.
Boshqacha aytganda, ta’sischilardan birining xorijiy fuqaro yoki xorijiy kompaniya bo‘lishi o‘z-o‘zidan MChJ tashkil etishga to‘sqinlik qilmaydi.
Oddiy MChJmi yoki xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonami?
Bu ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin hal qilinishi kerak bo‘lgan birinchi masalalardan biridir.
O‘zbekistonda qonunchilik xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun alohida talablarni belgilaydi. Amaldagi ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga ko‘ra, bunday korxonalar uchun ustav kapitalining eng kam miqdori 400 mln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida tashkil etiladigan korxonalar uchun esa 200 mln so‘m etib belgilangan.
Biroq ta’sischilardan birining xorijiy fuqaro yoki xorijiy kompaniya bo‘lishi kompaniya avtomatik ravishda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona maqomini olishini anglatmaydi. Bunda qonunchilikda belgilangan mezonlarni hisobga olish kerak.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun xorijiy ishtirok ulushiga nisbatan ham talab mavjud — u kamida 15 foiz bo‘lishi kerak.
Ko‘plab xorijiy investorlar uchun asosiy variant MChJ shaklidagi xorijiy korxona (MChJ XК) hisoblanadi. Agar kompaniya tuzilmasi tegishli maqom talablariga javob bermasa, kompaniya amaldagi talablarga muvofiq xorijiy kapital ishtirokidagi MChJ sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Ta’sischi kim bo‘ladi: xorijiy fuqaro yoki xorijiy kompaniyami?
Bunga asosan zarur hujjatlar to‘plami bog‘liq.
Agar ta’sischi xorijiy fuqaro bo‘lsa
Asosiy holatda quyidagilar talab etiladi:
- xorijiy pasport nusxasi;
- JShShIR;
- ta’sis hujjatlarini tayyorlash uchun zarur ma’lumotlar.
Agar ro‘yxatdan o‘tkazishni vakil amalga oshirsa, qo‘shimcha ravishda uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.
Agar ta’sischi xorijiy kompaniya bo‘lsa
Xorijiy yuridik shaxsning mavjudligi va uning nomidan ish yuritayotgan shaxsning vakolatlarini tasdiqlash kerak.
Ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat va muayyan vaziyatga qarab quyidagi hujjatlar talab qilinishi mumkin:
- savdo yoki davlat reyestridan ko‘chirma;
- davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma yoki boshqa tasdiqlovchi hujjat;
- hujjatlarni imzolovchi shaxsning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat;
- O‘zbekistondagi vakilga berilgan ishonchnoma;
- boshqa korporativ hujjatlar.
Xorijiy hujjatlar O‘zbekistonda foydalanish imkonini beradigan tartibda tayyorlanishi kerak.
Xorijiy kompaniyaning qaysi hujjatlarini legallashtirish kerak?
Bu ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini ko‘pincha uzaytiradigan bosqichlardan biridir.
Xorijiy kompaniyaning hujjatlari quyidagi tartibda tayyorlanishi talab qilinishi mumkin:
- ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatda rasmiylashtirish;
- qo‘llaniladigan tartibga qarab apostil qo‘yish yoki konsullik legallashtiruvidan o‘tkazish;
- tarjima qilish;
- tarjimani belgilangan tartibda notarial tasdiqlash.
Masalan, xorijiy kompaniya savdo reyestridan ko‘chirma taqdim etishi mumkin. Biroq bunday hujjat O‘zbekistondan tashqarida berilgan bo‘lsa, odatda uning asl nusxasining o‘zi yetarli emas: hujjatni O‘zbekiston hududida tan olish uchun qo‘yiladigan talablarni oldindan tekshirish kerak.
Tegishli xalqaro huquqiy rejim amal qiladigan mamlakatlar uchun bu tartib soddaroq bo‘lishi mumkin.
Ta’sischi xorijiy fuqaro bo‘lsa, JShShIR oling
JShShIR — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami.
Xorijiy fuqaro uchun JShShIR davlat axborot tizimlari bilan ishlashda qo‘llaniladi va qator davlat xizmatlaridan foydalanish, bank hisobvaraqlarini ochish hamda boshqa rasmiy jarayonlar uchun zarur.
JShShIRni Davlat xizmatlari markazi orqali olish mumkin.
JShShIR olish uchun odatda quyidagilar talab etiladi:
- amaldagi pasport;
- agar arizani vakil topshirsa, ishonchnoma va elektron shakldagi fotosurat.
Bo‘lajak kompaniyaning asosiy parametrlarini belgilang
Ustavni tayyorlashdan oldin bir nechta muhim masalani hal qilish kerak.
Nomlanishi
Kompaniyaning firma nomini tanlash va u avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berilgan nom bilan bir xil emasligini tekshirish kerak.
Nom iste’molchilarni chalg‘itmasligi, shuningdek, avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan firma nomlari va tovar belgilariga bo‘lgan huquqlarni buzmasligi kerak.
Yuridik manzil
Kompaniyaning joylashgan manzilini belgilash kerak.
Agar o‘z binosi bo‘lmasa, zarur hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda ijaraga olingan binodan foydalanish mumkin. Ayrim hollarda tadbirkorlar yuridik manzil taqdim etish xizmatidan foydalanadilar.
Faoliyat turi
Asosiy faoliyat turini va zarur bo‘lsa, qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlarini belgilash kerak.
OKED kompaniyaning iqtisodiy faoliyat turini aniqlashga yordam beradi, biroq OKEDni tanlashning o‘zi avtomatik ravishda soliq rejimini belgilamaydi.
Ustav kapitali
Ustav kapitalining miqdori ta’sis hujjatlarida ko‘rsatiladi.
Oddiy MChJ uchun qonunchilik ustav kapitalining yagona minimal miqdorini belgilamaydi, biroq ayrim faoliyat turlari va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun maxsus talablar mavjud.
Direktor
Kompaniyani kim boshqarishini oldindan belgilash kerak.
Ayniqsa direktor lavozimiga xorijiy fuqaro tayinlanishi rejalashtirilayotgan bo‘lsa, bu masalaga alohida e’tibor berish lozim.
Ta’sis hujjatlarini tayyorlang
O‘zbekiston Respublikasining «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, ta’sis hujjatlari ta’sis shartnomasi va ustavdan iborat.
Agar jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilsa, ta’sis hujjati ushbu shaxs tomonidan tasdiqlangan ustav hisoblanadi. Agar ishtirokchilar soni ikki yoki undan ortiq bo‘lsa, ular o‘rtasida ta’sis shartnomasi tuziladi.
Yuridik manzilni belgilang
Yuridik manzil kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish bosqichidayoq kerak bo‘ladi.
Amaliyotda xorijiy investorlar quyidagi variantlardan foydalanishlari mumkin:
- o‘zlariga tegishli bino yoki xonadan;
- ijaraga olingan ofisdan;
- yuridik manzil taqdim etish bo‘yicha maxsus xizmatdan.
Agar ijara asosidagi manzildan foydalanilsa, bino yoki xonaga oid hujjatlar undan kompaniya manzili sifatida foydalanishga imkon berishini va ijara shartnomasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilganini tekshirish kerak.
O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ijaraga berish bilan bog‘liq ma’lumotlar E-IJARA tizimi orqali rasmiylashtirilishi kerak.
MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yuridik manzil
Agar kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hali binongiz yoki xonangiz bo‘lmasa, CA Consulting O‘zbekistonda yuridik manzilni tanlash va rasmiylashtirishda yordam beradi.
MChJ direktori kim bo‘lishi mumkin?
Xorijiy ta’sischi va direktor bir shaxs bo‘lishi shart emas.
Masalan, xorijiy fuqaro kompaniyaning 100 foiz egasi bo‘lishi, dastlabki bosqichda esa direktor lavozimiga O‘zbekiston fuqarosi tayinlanishi mumkin.
Yana bir variant — direktor lavozimiga xorijiy fuqaroni tayinlash.
Biroq bunda xorijiy fuqaroning O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi bilan bog‘liq alohida masala yuzaga keladi.
MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish xorijiy fuqaro avtomatik ravishda direktor sifatida ishlash huquqiga ega bo‘ladi, degani emas.
Agar direktor xorijiy fuqaro bo‘lsa
Umumiy qoidaga ko‘ra, uning O‘zbekistonda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishiga imkon beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish kerak.
Buning uchun mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlashning alohida tartibi mavjud.
Jarayon ish beruvchi tomonidan hujjatlarni topshirish va vakolatli organ tomonidan arizani ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi.
Muhim istisno
Ayrim toifadagi korxonalar uchun maxsus qoidalar belgilangan.
Xususan, MChJ shaklidagi xorijiy korxonani (MChJ XK) ro‘yxatdan o‘tkazishda xorijiy ta’sischi belgilangan shartlarga muvofiq bo‘lsa, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab uch oygacha bo‘lgan muddatda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjatni olmasdan direktor etib tayinlanishi mumkin.
Bu tanlangan tuzilma belgilangan talablarga javob bergan hollarda xorijiy investorga kompaniyani vaqtincha mahalliy direktor bilan tashkil etish zaruratini oldini olish imkonini beradi.
MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekistonga kelish kerakmi?
Har doim ham shart emas.
Qonunchilik davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni elektron tizim orqali amalga oshirish imkonini beradi, hujjatlar esa vakolatli vakil tomonidan topshirilishi mumkin.
Shu sababli xorijiy investor ayrim hollarda O‘zbekistonda doimiy bo‘lmasdan turib kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil qilishi mumkin.
Biroq masofadan ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlar talab qilinmaydi, degani emas.
Masalan, xorijiy kompaniya uchun korporativ hujjatlar, ishonchnoma, legallashtirish va notarial tasdiqlangan tarjimalar talab qilinishi mumkin.
Xorijiy jismoniy shaxs uchun esa JShShIR va elektron identifikatsiya masalasini alohida hal qilish kerak.
Amaliy xulosa: agar investor xorijda bo‘lsa, O‘zbekistonda vakilni oldindan belgilash va barcha zarur ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirish uchun yetarli vakolatlarni o‘z ichiga olgan ishonchnomani tayyorlash ma’qul.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin nima bo‘ladi?
Muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng kompaniya davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi elektron guvohnomani va Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestridagi kompaniya haqidagi ma’lumotlarni oladi.
Biroq biznesni tashkil etish jarayoni shu bilan tugamaydi.
Odatda keyingi bosqichlar quyidagilardan iborat:
- kompaniyaning ERI sini olish;
- hisob-kitob hisobvarag‘ini ochish;
- yuridik manzil bo‘yicha ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
- direktor tayinlash;
- mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish;
- zarur shaxslarni tegishli tizimlarda hisobga qo‘yish;
- agar faoliyat litsenziyalanadigan bo‘lsa, litsenziya yoki ruxsatnomalarni olish;
- buxgalteriya va soliq hisobini yo‘lga qo‘yish.
Ushbu jarayonlarning ayrimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtidayoq kompozit davlat xizmatlari orqali boshlash mumkin. Birinchi oy uchun batafsil reja — «MChJ roʻyxatdan oʻtgandan keyin nima qilish kerak» maqolamizda.
Bank hisobvarag‘ini qanday ochish mumkin?
MChJ ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng xorijiy mulkdor odatda O‘zbekiston bankida hisob-kitob hisobvarag‘ini ochishi kerak.
Bank bank qonunchiligi talablari va KYC tartibiga muvofiq mijozni mustaqil ravishda tekshiradi.
Xorijiy ta’sischidan quyidagilar talab qilinishi mumkin:
- pasport;
- kompaniyaning ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
- ta’sis hujjatlari;
- egalik tuzilmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- benefitsiar mulkdorlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
- direktorning hujjatlari;
- rejalashtirilayotgan faoliyat to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- vaziyatga qarab boshqa hujjatlar.
Qaysi soliq rejimini tanlash kerak?
Soliq rejimini ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldinyoq belgilab olish kerak.
Ro‘yxatdan o‘tkazish arizasida tanlangan soliq tizimi ko‘rsatiladi. Amaldagi ro‘yxatdan o‘tkazish arizasida aylanmadan olinadigan soliq rejimi yoki umumiy belgilangan soliq rejimini ko‘rsatish mumkin.
Tanlashda quyidagilarni hisobga olish kerak:
- rejalashtirilayotgan aylanma;
- faoliyat turi;
- QQS bilan ishlash;
- import va eksport;
- xorijiy kontragentlarning mavjudligi;
- mijozlarning talablari;
- maxsus soliq rejimlarini qo‘llash imkoniyati.
Barcha xorijiy kompaniyalarga mos keladigan universal soliq rejimi mavjud emas. 2026-yildan boshlab kichik biznes uchun uchta variant mavjud: aylanmadan olinadigan soliq, umumiy rejim va soddalashtirilgan 6% QQS. Ularni raqamlar asosida qanday solishtirishni «Soliq rejimini qanday tanlash kerak» maqolamizda tahlil qildik.
Ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldingi soliq konsultatsiyasi
Soliq rejimini kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin, faoliyatni boshlagandan keyin emas, tanlagan ma’qul. CA Consulting jamoasi rejalashtirilayotgan faoliyatni baholash va biznes xususiyatlarini hisobga olgan holda mos soliq rejimini tanlashda yordam beradi.
Xorijiy ta’sischi kompaniyaning o‘zida ishlamoqchi bo‘lsa, nima qilish kerak?
Bu yerda ikki xil maqomni ajratib olish kerak:
MChJ ishtirokchisi — kompaniyadagi ulushga egalik qiladi.
Xodim yoki direktor — mehnat faoliyatini amalga oshiradi.
Xorijiy fuqaro kompaniya egasi bo‘lishi, biroq direktor lavozimini egallamasligi va uning xodimi bo‘lmasligi mumkin.
Agar u O‘zbekistonda amalda ishlamoqchi bo‘lsa, uning migratsiya va mehnat maqomini alohida tekshirish kerak.
Xorijiy mutaxassislar uchun O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlashning alohida tartibi mavjud.
Xorijiy ta’sischi uchun bosqichma-bosqich reja
Jarayonni amaliy algoritmga aylantirsak, u quyidagicha ko‘rinadi:
1-qadam. Kompaniya tuzilmasi va ishtirokchilar tarkibini aniqlash.
2-qadam. Kompaniya xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga qo‘yiladigan talablarga mos kelishini tekshirish.
3-qadam. Ustav kapitali miqdorini belgilash.
4-qadam. Kompaniya nomini tanlash.
5-qadam. Asosiy va qo‘shimcha faoliyat turlarini aniqlash.
6-qadam. Yuridik manzilni topish.
7-qadam. Direktorni aniqlash.
8-qadam. Agar ta’sischi jismoniy shaxs bo‘lsa, JShShIR olish.
9-qadam. Zarur bo‘lsa, xorijiy ta’sischining ERI sini rasmiylashtirish.
10-qadam. Agar ta’sischi xorijiy kompaniya bo‘lsa, reyestrdan ko‘chirma va korporativ hujjatlarni tayyorlash, ularni legallashtirish yoki apostil qo‘yish hamda tarjima qilish.
11-qadam. Ustav va boshqa ta’sis hujjatlarini tayyorlash.
12-qadam. Korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish.
13-qadam. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi elektron guvohnomani olish.
14-qadam. Hisob-kitob hisobvarag‘ini ochish.
15-qadam. Direktor va xodimlarni rasmiylashtirish.
16-qadam. Agar direktor yoki xodimlar xorijiy fuqarolar bo‘lsa, ularning qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish.
17-qadam. Buxgalteriya va soliq hisobini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekistonda MChJni ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz ochmoqchimisiz?
CA Consulting xorijiy fuqarolar va kompaniyalarga O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam beradi: hujjatlarni tayyorlash, yuridik manzilni rasmiylashtirish, ariza topshirishni tashkil etish, JShShIR va ERIni rasmiylashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng esa hisob-kitob hisobvarag‘ini ochish hamda buxgalteriya va soliq hisobini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi.


