O‘zbekistonda xodim kompaniyaga qanchaga tushadi: 2026-yilda ish haqi, soliqlar va ish beruvchi xarajatlari
Qo‘lga tegadigan ish haqi hisoblangan ish haqidan qanday farq qilishini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, JShDS va ijtimoiy soliq qanday hisoblanishi, 5, 10 va 20 kishilik jamoa qanchaga tushishi va ishga olishning qaysi xarajatlarini byudjetga soliqlardan alohida kiritish kerakligi haqida so‘z boradi.

Mundarija
- Hisoblangan ish haqi, qo‘lga tegadigan ish haqi va ish beruvchining bevosita xarajatlari
- Teskari hisob-kitob: qo‘lga tegadigan summadan kompaniya xarajatlarigacha
- Ish haqidan qanday soliqlar to‘lanadi
- Xodim qanchaga tushadi: ish haqining uch darajasi uchun hisob-kitob
- 5, 10 va 20 kishilik jamoa qanchaga tushadi
- Ta’til, kasallik nafaqalari va qonun bo‘yicha boshqa to‘lovlar
- Yillik mehnat ta’tili
- Kasallik nafaqalari 2026-yil 1-iyuldan
- Mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish
- Ishga olishda qanday xarajatlar yuzaga keladi
- Ish soatining qiymatini qanday baholash mumkin
- Misol: yangi mutaxassisning birinchi oyi
- Ishga olish byudjetini qanday hisoblash mumkin: bosqichma-bosqich algoritm
- Xodimlarga xarajatlarni xatosiz qanday rejalashtirish mumkin
- Xulosa: xodim byudjeti hisoblangan ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi
Nomzod suhbatda: «Qo‘limga 10 million tegishini xohlayman», — deydi. Biznes egasi rozi bo‘ladi. Bir oydan keyin esa kompaniya bu xodimga qariyb 12,73 mln so‘m sarflaganini ko‘radi. Bu yerda buxgalterning xatosi yo‘q. Xodimning qo‘liga 10 mln so‘m tegishi uchun unga taxminan 11,36 mln so‘m ish haqi hisoblash kerak. Bu summadan JShDS ushlab qolinadi, kompaniya esa ish haqi ustiga ijtimoiy soliq to‘laydi.
Agar shartnomada hisoblangan ish haqi sifatida 10 mln so‘m yozilsa, kompaniyaning bevosita xarajatlari 11,2 mln so‘mni tashkil etadi, xodimning qo‘liga esa 8,8 mln so‘m tegadi. Bu ikki stsenariy o‘rtasidagi farq oyiga taxminan 1,53 mln so‘m. Uni ish taklifi (offer) imzolanishidan oldin ko‘rgan ma’qul.
Quyida uch masalani ko‘rib chiqamiz. Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha bevosita xarajatlar qanday hisoblanadi, qonunga ko‘ra qanday qo‘shimcha to‘lovlar yuzaga keladi va ishga olish xarajatlarini soliqlar bilan aralashtirmasdan qanday baholash mumkin.
Hisoblangan ish haqi, qo‘lga tegadigan ish haqi va ish beruvchining bevosita xarajatlari
Bitta ish haqi bir nechta summa ko‘rinishida mavjud bo‘ladi. Ularni chalkashtirish ishga olish byudjetidagi xatolarning asosiy sababidir.
Tushuncha | Bu nima | Misol, so‘m |
Hisoblangan ish haqi | Mehnat shartnomasi va shtat jadvalidagi summa. JShDS va ijtimoiy soliq shundan hisoblanadi | 7 000 000 |
JShDS (shu jumladan ShJBPH) | Hisoblangan ish haqidan ushlab qolinadi. ShJBPHga 0,1% badal shu 12% ning bir qismi | 840 000 (shu jumladan ShJBPH 7 000) |
Qo‘lga tegadigan ish haqi | Hisoblangan ish haqidan JShDS chegirilgan summa | 6 160 000 |
Ijtimoiy soliq | Ish beruvchi o‘z hisobidan, ish haqi ustiga to‘laydi | 840 000 |
Ish beruvchining mehnatga haq to‘lash bo‘yicha bevosita xarajatlari | Hisoblangan ish haqi va ijtimoiy soliq yig‘indisi | 7 840 000 |
Ishga olishning to‘liq byudjeti | Bevosita xarajatlar, vaziyatga qarab qilinadigan to‘lovlar (o‘rnini bosish, qo‘shimcha to‘lovlar, kompensatsiyalar) hamda tanlov, ish o‘rni va moslashuv xarajatlari | Lavozim va kompaniya qarorlariga bog‘liq |
Ko‘p uchraydigan xato — qo‘lga tegadigan summaga «24% soliq» qo‘shish. 6 160 000 so‘m uchun 7 638 400 so‘m chiqadi, holbuki haqiqiy bevosita xarajatlar 7 840 000 so‘m. 201 600 so‘mlik farq shundan kelib chiqadi: ikkala soliq qo‘lga tegadigan summadan emas, hisoblangan ish haqidan hisoblanadi.
Teskari hisob-kitob: qo‘lga tegadigan summadan kompaniya xarajatlarigacha
Agar nomzod qo‘liga qancha tegishini kutayotganini aytsa, avval hisoblangan summani toping:
Hisoblangan ish haqi = Qo‘lga tegadigan ish haqi ÷ 0,88
Ko‘rsatkich | Summa, so‘m |
Qo‘lga tegadigan ish haqi (nomzodning kutgani) | 10 000 000 |
Hisoblangan ish haqi: 10 000 000 ÷ 0,88 | 11 363 636 |
JShDS 12% (shu jumladan ShJBPH 0,1% — 11 364) | 1 363 636 |
Ijtimoiy soliq 12% | 1 363 636 |
Ish beruvchining bevosita xarajatlari | 12 727 272 |
Hisoblangan summa butun so‘mgacha yaxlitlangan. Agar hisob dasturida yaxlitlash tartibi boshqacha bo‘lsa, natija bir necha so‘mga farq qilishi mumkin. 0,88 bo‘luvchisi faqat JShDS bo‘yicha imtiyozlarsiz, 12% stavkali stsenariyda to‘g‘ri. Masalan, 7,5% stavka qo‘llaniladigan IT Park rezidenti uchun bo‘luvchi boshqacha — 0,925.
Ish haqidan qanday soliqlar to‘lanadi
Odatiy stsenariyda tijorat kompaniyasida ish haqidan ikkita soliq to‘lanadi: JShDS va ijtimoiy soliq. Stavkalari bir xil, har biri 12%. Biroq ularni turli shaxslar to‘laydi va ular kompaniya xarajatlariga turlicha ta’sir qiladi.
Ko‘rsatkich | JShDS | Ijtimoiy soliq |
Stavka | Rezident daromadlaridan 12% (SKning 381-moddasi). Norezidentning mehnat shartnomasi bo‘yicha olgan daromadidan 12% (SKning 382-moddasi) | Byudjet tashkilotlari va ikkita maxsus toifadan tashqari barcha to‘lovchilar uchun 12% (SKning 405-moddasi) |
Soliq bazasi | Mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar: maosh, ustamalar, mukofotlar, ta’til puli | Ish beruvchining mehnatga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlari (SKning 403-moddasi) |
Soliq to‘lovchi | Xodim. Ish beruvchi soliq agenti sifatida soliqni hisoblaydi, ushlab qoladi va byudjetga o‘tkazadi | Ish beruvchi |
Kimning hisobidan | Xodimning hisoblangan ish haqidan | Kompaniya mablag‘laridan, ish haqi ustiga |
Kompaniya xarajatlariga ta’siri | Xarajatlarni oshirmaydi, qo‘lga tegadigan summani kamaytiradi | Hisoblangan ish haqiga 12% qo‘shadi |
To‘lash muddati | Hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmay | Hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmay |
JShDS yil boshidan o‘sib boruvchi yakun bo‘yicha hisoblanadi. Buxgalter yanvardan beri olingan barcha daromadlardan soliqni hisoblaydi va allaqachon ushlab qolingan summani chegiradi. Ish haqi o‘zgarmasa, bu har oy o‘sha 12% ni tashkil etadi. Mukofotlar va qayta hisob-kitoblar bo‘lsa, oylik summalar farq qilishi mumkin.
ShJBPH. Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga (ruscha manbalarda — INPS) majburiy badal mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadning 0,1% ini tashkil etadi. PQ-4086-son qarorning 5-bandi va badallarni hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bu badal JShDS ustiga to‘lanmaydi, soliq hisobiga o‘tkaziladi. 7 000 000 so‘mlik ish haqida bu 840 000 so‘mlik JShDSning 7 000 so‘mi. Byudjetga 833 000 so‘m, xodimning hisobvarag‘iga 7 000 so‘m tushadi. Qo‘lga tegadigan summa bundan o‘zgarmaydi.
Xodimlarning majburiy ijtimoiy sug‘urtasi JShDS va ijtimoiy soliqning Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan bir qismi hisobidan moliyalashtiriladi (Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi). Shuning uchun odatiy hisob-kitobda u uchun alohida qator yo‘q.
Hisob-kitob qachon boshqacha bo‘ladi:
- Byudjet tashkilotlari ijtimoiy soliqni 25% stavkada to‘laydi. 7% va 4,7% stavkalar «SOS — O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatidan ixtisoslashtirilgan sexlarda foydalanadigan to‘lovchilar uchun belgilangan (SKning 405-moddasi). 405-modda, shuningdek, alohida hududlar uchun maxsus stavkalarni belgilaydigan 408-moddaga havola qiladi.
- IT Park rezidentlari. IT Park rezidentlari bilan mehnat shartnomasi tuzgan xodimlarning 2028-yil 1-yanvarga qadar olgan ish haqiga 7,5% stavkada JShDS solinadi. Rezidentlarning o‘zi esa ijtimoiy soliqdan ozod qilingan (PF-5099). Hisoblangan ish haqi 7 000 000 so‘m bo‘lganda JShDS 525 000 so‘m, qo‘lga tegadigan summa 6 475 000 so‘m, bevosita xarajatlar esa 7 000 000 so‘m bo‘ladi. Imtiyozlar muayyan kompaniya va xodimga tatbiq etilishini alohida tekshirish kerak.
- Xodimga to‘lanadigan har bir summa ham mehnatga haq to‘lash hisoblanavermaydi. To‘lovlarning bir qismi ijtimoiy soliq obyektiga kirmaydi (SKning 403-moddasi 4-qismi), nafaqalarga esa o‘z qoidalari bo‘yicha soliq solinadi. To‘lovning yangi turini joriy etishdan oldin uning soliq oqibatlarini tekshiring.
Kompaniyaning soliq rejimi bu hisob-kitoblarga ta’sir qilmaydi. Ish haqidan olinadigan ijtimoiy soliq va JShDS aylanmadan olinadigan soliqda ham, 12% QQSda ham, soddalashtirilgan 6% QQSda ham bir xil. Rejim boshqa soliqlarni o‘zgartiradi — batafsil ma’lumot 2026-yilda soliq rejimini qanday tanlash haqidagi maqolada.
Xodim qanchaga tushadi: ish haqining uch darajasi uchun hisob-kitob
Misollar uchun hisoblangan ish haqining uchta darajasi olingan:
- 3 000 000 so‘m — boshlang‘ich daraja. Bu mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (bundan keyin — eng kam ish haqi) taxminan 2,2 baravari. PF-115-son Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan eng kam ish haqi 1 360 000 so‘m.
- 7 000 000 so‘m — 2026-yil yanvar–iyun oylarida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha hisoblangan ish haqiga yaqin.
- 12 000 000 so‘m — Toshkent bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich atrofida (Milliy statistika qo‘mitasi).
O‘rtacha ish haqi faqat mo‘ljal, u muayyan lavozim uchun odatiy ish haqini bildirmaydi. Statistika kichik korxonalar, mikrofirmalar va qishloq xo‘jaligi korxonalarini hisobga olmasdan hisoblangan. Tarmoqlar o‘rtasidagi farq esa katta: sog‘liqni saqlashdagi 4,4 mln so‘mdan moliya sektoridagi 19,1 mln so‘mgacha.
Hisob-kitob shartlari: ish beruvchi — imtiyozlarga ega bo‘lmagan, IT Park rezidenti bo‘lmagan tijorat kompaniyasi. Xodim — rezident yoki mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlaydigan norezident. Oy to‘liq ishlangan; mukofotlar, nafaqalar va qayta hisob-kitoblar yo‘q. JShDS o‘sib boruvchi yakun ta’sirisiz, oylik ko‘rsatilgan. Summalar bir oy uchun, so‘mda.
Hisoblangan ish haqi | JShDS 12% (shu jumladan ShJBPH) | Qo‘lga tegadi | Ijtimoiy soliq 12% | Ish beruvchining bevosita xarajatlari | Bevosita xarajatlar va qo‘lga tegadigan summa farqi |
3 000 000 | 360 000 (3 000) | 2 640 000 | 360 000 | 3 360 000 | 720 000 |
7 000 000 | 840 000 (7 000) | 6 160 000 | 840 000 | 7 840 000 | 1 680 000 |
12 000 000 | 1 440 000 (12 000) | 10 560 000 | 1 440 000 | 13 440 000 | 2 880 000 |
Barcha qatorlarda nisbat bir xil: kompaniya hisoblangan ish haqining 112% ini sarflaydi, xodim esa 88% ini oladi. Shu sababli bu stsenariyda ish haqi darajasidan qat’i nazar bevosita xarajatlar qo‘lga tegadigan summadan 27,3% ko‘p (1,12 ÷ 0,88 = 1,2727).
5, 10 va 20 kishilik jamoa qanchaga tushadi
Jamoa uchun ham o‘sha formula ishlaydi. Faqat bitta ish haqi o‘rniga ish haqi fondi, ya’ni bir oydagi barcha hisoblangan ish haqlari yig‘indisi olinadi.
Yillik bevosita xarajatlar = Oylik ish haqi fondi × 1,12 × 12
Jamoa | O‘rtacha hisoblangan ish haqi | Oylik ish haqi fondi | Shu jumladan JShDS (ish haqi fondidan ushlab qolinadi) | Ijtimoiy soliq | Oylik bevosita xarajatlar | Yillik bevosita xarajatlar |
5 kishi | 7 000 000 | 35 000 000 | 4 200 000 | 4 200 000 | 39 200 000 | 470 400 000 |
10 kishi | 7 000 000 | 70 000 000 | 8 400 000 | 8 400 000 | 78 400 000 | 940 800 000 |
20 kishi | 7 000 000 | 140 000 000 | 16 800 000 | 16 800 000 | 156 800 000 | 1 881 600 000 |
5 kishi | 12 000 000 | 60 000 000 | 7 200 000 | 7 200 000 | 67 200 000 | 806 400 000 |
10 kishi | 12 000 000 | 120 000 000 | 14 400 000 | 14 400 000 | 134 400 000 | 1 612 800 000 |
20 kishi | 12 000 000 | 240 000 000 | 28 800 000 | 28 800 000 | 268 800 000 | 3 225 600 000 |
JShDS ustuni ma’lumot uchun berilgan: u ish haqi fondining qancha qismi xodimlarga emas, byudjetga ketishini ko‘rsatadi. Bu ustun kompaniya xarajatlariga qo‘shilmaydi: bevosita xarajatlar = ish haqi fondi + ijtimoiy soliq.
Yillik summalarni qanday tushunish kerak. Bu prognoz emas, stsenariy. Unda ish haqlari 12 to‘liq oy davomida o‘zgarmaydi va barcha xodimlar yil bo‘yi ishlaydi. Mukofotlar, ish haqini oshirish, yangi xodim olish va ishdan bo‘shatish yo‘q, boshqa to‘lovlar hisobga olinmaydi. Oylar bo‘yicha haqiqiy to‘lovlar farq qiladi: ta’til puli ta’til boshlanishidan oldin to‘lanadi, soliqlar keyingi oyda to‘lanadi, jamoa tarkibi esa o‘zgarib turadi.
Jadvaldan nima ko‘rinadi:
- Ish haqi 7 mln so‘m bo‘lgan har bir yangi xodim bevosita xarajatlarga oyiga 7 840 000 so‘m va yiliga 94 080 000 so‘m qo‘shadi. Bunga ishga olishning o‘zi bilan bog‘liq xarajatlar kirmaydi.
- 10 kishilik jamoada o‘rtacha ish haqi 7 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha oshsa, bevosita xarajatlar oyiga 56 mln so‘mga va yiliga 672 mln so‘mga ko‘payadi.
Ta’til, kasallik nafaqalari va qonun bo‘yicha boshqa to‘lovlar
Bu to‘lovlar majburiy, ammo ularning hammasi ham byudjetni 12 oylik hisoblashlardan ortiq oshirmaydi. Yillik hisob-kitobda nima allaqachon hisobga olingani va nima uchun alohida zaxira kerakligini tushunish muhim.
Yillik mehnat ta’tili
Har bir xodimga kamida 21 kalendar kunlik yillik asosiy ta’til beriladi (Mehnat kodeksining 217-moddasi). Bitta tashkilot yoki tarmoqda ishlangan har besh yil uchun ikki kalendar kun qo‘shiladi, biroq jami sakkiz kundan oshmaydi (MKning 220-moddasi). Ta’til puli o‘rtacha ish haqi bo‘yicha hisoblanadi. O‘rtacha ish haqi oldingi 12 oy uchun mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlarning 1/12 qismiga teng (MKning 257-moddasi). Yakshanbalar ta’tilning haq to‘lanadigan kunlariga kiritilmaydi (MKning 233-moddasi 2-qismi, O‘RQ-1030-son Qonun tahririda). Ta’til puli ta’tildan oldingi oxirgi ish kunidan kechiktirmay to‘lanadi.
Ta’til byudjetga qanday ta’sir qiladi. Hisoblangan ish haqining yillik byudjeti, ya’ni 12 ta maosh, aniq summa emas, mo‘ljal. Ta’til oyida xodim ishlagan kunlari uchun ish haqi, ta’til kunlari uchun esa ta’til puli oladi. Agar o‘rtacha ish haqi taxminan maoshga teng bo‘lsa, yil yakuni 12 ta maoshga yaqin bo‘ladi. O‘tgan 12 oyda mukofotlar bo‘lgan bo‘lsa, yakun yuqoriroq, maosh yaqinda oshirilgan bo‘lsa, pastroq chiqadi.
Shunga qaramay, rejalashtirishda ta’tilni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. U byudjetga uch jihatdan ta’sir qiladi:
- To‘lov vaqti. Ta’til puli oldindan, ba’zan keyingi oyga to‘g‘ri keladigan davr uchun ham to‘lanadi. Ko‘pchilik ta’tilga chiqadigan oylarda ish haqi bo‘yicha pul chiqimi odatdagidan yuqori bo‘ladi.
- O‘rnini bosish. Agar yo‘q xodimning ishini bajarish kerak bo‘lsa, kompaniya ish vaqtidan tashqari ishlar, kasblarni (lavozimlarni) qo‘shib olib borish yoki vaqtinchalik xodim uchun haq to‘laydi. Bu ish haqi fondidan tashqari real qo‘shimcha xarajat.
- Foydalanilmagan ta’til uchun kompensatsiya. Ishdan bo‘shatilganda xodim foydalanilmagan barcha yillik ta’tillar uchun kompensatsiya oladi (MKning 234-moddasi, yakshanbalar uchun haq to‘lanmaydi). Kompensatsiya mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarga, aniqrog‘i ishlanmagan vaqt uchun haq to‘lashga kiradi (SKning 374-moddasi). Shuning uchun undan JShDS ushlab qolinadi (SKning 381-moddasi) va ijtimoiy soliq hisoblanadi (SKning 403-moddasi). Agar xodimlar yillar davomida ta’tilga chiqmasa, kompaniyada bir yo‘la to‘lanadigan majburiyat to‘planib boradi.
Kasallik nafaqalari 2026-yil 1-iyuldan
Tartib Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi nizom bilan belgilangan (Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son qaroriga 4-ilova). 2026-yil 1-iyuldan yuzaga kelgan sug‘urta hodisalari bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tayinlaydi. Nafaqa xodimning arizasisiz, avtomatik ravishda tayinlanadi (4 va 8-bandlar). Mehnatga layoqatsizlik varaqasi bo‘yicha ishdan ozod qilishning birinchi kuni sug‘urta hodisasi sanasi hisoblanadi.
Savol | Qoida | Asos |
Kim to‘laydi | Kalendar yildagi mehnatga layoqatsizlik davrining beshinchi kunigacha bo‘lgan qismi uchun ish beruvchi o‘z hisobidan to‘laydi, shu jumladan o‘rindoshlik bo‘yicha ish joyida. Oltinchi kundan boshlab Jamg‘arma to‘laydi | Nizomning 20 va 22-bandlari |
Besh kun qanday hisoblanadi | Har bir varaqa bo‘yicha alohida emas, butun kalendar yil uchun jami. 2026-yilda Jamg‘arma 1-yanvardan ochilgan kasallik varaqalarini hisobga oladi. Nafaqa summasini hisoblashda yakshanbalar va ishlanmaydigan bayram kunlari hisobga olinmaydi | Nizomning 17-bandi; |
Jamg‘arma nafaqasiga huquq va uning miqdori | Sug‘urta staji kamida 6 oy bo‘lishi kerak. Hisob: o‘rtacha oylik ish haqi (eng kam ish haqining 10 baravaridan oshmagan holda) ÷ 25,3 × staj koeffitsienti × kunlar. Koeffitsient 6–96 oylik stajda 60%, 97 oydan boshlab 80%. Yiliga 182 kalendar kundan ko‘p emas | Nizomning 7, 16, 18, 20, 26-bandlari |
Homiladorlik va tug‘ish | 2026-yil 1-yanvardan nafaqani to‘liq Jamg‘arma to‘laydi. Kamida 10 oylik sug‘urta staji kerak | Nizomning 4 va 7-bandlari |
Qo‘shimcha to‘lovlar | Jamoa shartnomasi va lokal hujjatlarda qo‘shimcha to‘lov nazarda tutilishi mumkin, masalan, o‘rtacha ish haqining 100% igacha | Nizomning 26-bandi |
Bu byudjet uchun nimani anglatadi. Kasallik kunlari uchun ish haqi hisoblanmaydi. Belgilangan me’yorlar doirasidagi nafaqa mehnatga haq to‘lashga emas, boshqa daromadlarga kiradi. Shuning uchun undan JShDS ushlab qolinadi. Ijtimoiy soliq esa hisoblanmaydi, chunki uning obyekti mehnatga haq to‘lash xarajatlaridir (SKning 403-moddasi).
Nizom Jamg‘arma nafaqasini hisoblashni batafsil tavsiflaydi, ammo ish beruvchi to‘laydigan qism uchun hisoblash usulini bevosita belgilamaydi. Agar ish beruvchi o‘z qismini xuddi shu qoidalar bo‘yicha, 60–80% staj koeffitsienti bilan hisoblasa, dastlabki besh kun uchun to‘lov shu kunlardagi ijtimoiy soliq bilan birga hisoblangan ish haqidan oshmaydi. Rejalashtirish uchun yuqori bahoni olish mumkin: to‘liq o‘rtacha kunlik ish haqi bo‘yicha besh kun. Ish haqi 7 mln so‘m va oyda 21–25 ish kuni bo‘lganda bu kasal bo‘lgan har bir xodim uchun yiliga 1,4–1,7 mln so‘mni tashkil etadi. Aniq summani va dastlabki besh kunga to‘g‘ri kelgan yakshanbalarni hisobga olish tartibini buxgalter belgilaydi.
Qo‘shimcha xarajatlar ikki holatda paydo bo‘ladi: kompaniya nafaqani o‘rtacha ish haqining 100% igacha to‘ldirib bersa yoki yo‘q xodimning ishi uchun boshqa kishiga haq to‘lash kerak bo‘lsa.
Mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish
Xodimni rasmiylashtirishning o‘zi deyarli hech narsaga tushmaydi, ammo undagi xatolar qimmatga tushadi: nafaqa rad etilishidan tortib mehnat inspeksiyasi tekshiruvigacha. Qadamlar tartibi mehnat shartnomasini qanday rasmiylashtirish va uni YaMMTda ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi maqolada ko‘rib chiqilgan.
Ishga olishda qanday xarajatlar yuzaga keladi
Xodim tanlash, moslashtirish, o‘qitish, jihozlar va rahbarlar vaqtiga ketadigan xarajatlar kompaniyadan kompaniyaga keskin farq qiladi. Ular lavozimga, qidiruv kanaliga va tanlov davomiyligiga bog‘liq. Tayyor ish o‘rni bor-yo‘qligi va moslashuv qanday tashkil etilgani ham ta’sir qiladi. Shu sababli quyida bozordagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar emas, o‘z xarajatlaringizni hisoblash usuli keltirilgan.
Bu xarajatlar uch toifaga bo‘linadi. Ularni turlicha hisoblash kerak va o‘zaro qo‘shib bo‘lmaydi:
Toifa | Nimalar kiradi | Qanday hisoblanadi | Pul byudjetiga qo‘shish mumkinmi |
1. Pul xarajatlari | Ish haqi va ijtimoiy soliq, jihozlar va dasturlar xaridi, rekruter xizmatlari, pullik vakansiyalar, o‘qitish | Shartnomalar, hisobvaraqlar va narxnomalar bo‘yicha | Ha: bu real to‘lovlar |
2. Ish vaqti qiymati | Rahbar, HR mutaxassisi va murabbiyning tanlov, rasmiylashtirish va o‘qitishga sarflagan soatlari | Soatlar × ishtirokchi soatining taxminiy qiymati | Yo‘q: ularning ish haqi byudjetda allaqachon bor. Bu asosiy ishdan chalg‘itilgan vaqt |
3. Unumdorlikning boshqaruv bahosi | Yangi xodim ishni o‘zlashtirish davrida hali yarata olmayotgan natija | Olinmagan natijaning shartli ulushi | Yo‘q: bu yangi summa emas, allaqachon hisobga olingan xarajatlar samarasining bahosi |
Ish soatining qiymatini qanday baholash mumkin
Vaqtni baholash uchun bevosita xarajatlar bo‘yicha soatning taxminiy qiymatidan foydalanish qulay. Buning uchun mehnatga haq to‘lash bo‘yicha bevosita xarajatlar oylik ish vaqti normasiga bo‘linadi. Hisoblangan ish haqi 12 mln so‘m bo‘lgan rahbar uchun bevosita xarajatlar 13 440 000 so‘m. 160 soatlik normada bu soatiga 84 000 so‘m, 176 soatlik normada esa taxminan 76 364 so‘m.
Soatlar normasi oy va ish jadvaliga bog‘liq. Masalan, besh kunlik 40 soatlik ish haftasida 2026-yil fevralida norma 160 soat, iyunida 176 soat. Bu baho soatning to‘liq tannarxi emas. Unga ijara, jihozlar, umumiy xarajatlar kirmaydi. Rahbar suhbatlar o‘tkazgan paytda yarata olmagan natijaning qiymati ham hisobga olinmagan.
Misol: yangi mutaxassisning birinchi oyi
Misol shartli. Kompaniya hisoblangan ish haqi 7 mln so‘m bo‘lgan mutaxassisni ishga oladi. Farazlar quyidagicha:
- vakansiya bepul kanallarda joylashtirilgan, rekruter xizmatlaridan foydalanilmaydi;
- rahbar (ish haqi 12 mln) tanlovga 20 soat sarflaydi;
- murabbiy (ish haqi 7 mln) o‘qitishga 10 soat sarflaydi;
- ish o‘rni (noutbuk va litsenziyalar) 9 000 000 so‘mga tushadi;
- birinchi oyda yangi xodim odatdagi ish hajmining taxminan yarmini bajaradi;
- ish vaqti normasi 160 soat.
O‘z raqamlaringizni qo‘yib hisoblang.
1. Pul xarajatlari
Modda | Turi | Summa, so‘m |
Ish haqi va ijtimoiy soliq | Har oy | 7 840 000 |
Noutbuk va litsenziyalar (shartli raqam) | Bir martalik | 9 000 000 |
Pullik vakansiyalar, rekruter | Misolda foydalanilmaydi | 0 |
Birinchi oydagi pul chiqimi |
| 16 840 000 |
9 000 000 so‘m bozordagi ish o‘rnining o‘rtacha qiymati emas, shartli raqam. Jihozlar uzoq muddatli aktiv hisoblanadi: ular bir necha yil xizmat qiladi va keyingi xodimga o‘tishi mumkin. Agar ularning qiymati shartli 36 oyga taqsimlansa, iqtisodiy yuk oyiga taxminan 250 000 so‘mni tashkil etadi. Hisobga olish va amortizatsiya tartibini kompaniyaning hisob siyosati belgilaydi.
2. Ish vaqti qiymati (qo‘shimcha to‘lov emas)
Ishtirokchi | Hisob | Summa, so‘m |
Rahbar: tanlov va suhbatlar | 20 soat × 84 000 (13 440 000 ÷ 160) | 1 680 000 |
Murabbiy: o‘qitish | 10 soat × 49 000 (7 840 000 ÷ 160) | 490 000 |
Jami vaqt |
| 2 170 000 |
3. Unumdorlikning boshqaruv bahosi
Agar birinchi oyda yangi xodim odatdagi hajmning taxminan yarmini bajarsa, bevosita xarajatlarning shartli yarmi hali natija bermaydi: 50% × 7 840 000 = 3 920 000 so‘m. Bu yangi summa emas. Bu birinchi jadvalda allaqachon hisobga olingan pul samarasining bahosidir. 50% ulush shartli olingan: ishni o‘zlashtirishning real sur’ati lavozimga va moslashuv sifatiga bog‘liq.
Eng katta yoʻqotish odatda birinchi ishga olishdan emas, balki xodim dastlabki oylarda ketib qolganda qayta ishga olishdan kelib chiqadi. Shuning uchun ishga olish usullarini nafaqat pul, balki xato qilish xavfi boʻyicha ham solishtirish kerak.
Bu xavfni ikki narsa kamaytiradi. Birinchisi — lavozim profili puxta ishlab chiqilgan va nomzodlar tizimli baholanadigan tanlov: ishga olishdagi xato xavfini qanday kamaytirish haqida SPECTRE’ning nomzodlarni baholash boʻyicha maqolasida (rus tilida) yozilgan. Ikkinchisi — puxta oʻylangan moslashuv: u xodim maosh olayotgan, lekin hali toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan davrni qisqartiradi. Sifatli tanlov ham, moslashuv ham kadrlar qoʻnimsizligi boʻlmasligini kafolatlamaydi, lekin muvaffaqiyatsiz ishga olishni kamroq va erta bosqichda sezilarli qiladi.
Ishga olish byudjetini qanday hisoblash mumkin: bosqichma-bosqich algoritm
- Hisoblangan ish haqini aniqlang. Agar nomzod qo‘liga tegadigan summani aytgan bo‘lsa, uni 0,88 ga bo‘ling (imtiyozlarsiz 12% JShDS stsenariysi).
- Ushlab qolinadigan summalarni hisoblang. JShDS = hisoblangan ish haqi × 12%, shu jumladan ShJBPH 0,1%. Bu xodim uchun ma’lumot, kompaniya byudjetiga qo‘shilmaydi.
- Ish beruvchining majburiy to‘lovlarini qo‘shing. Imtiyozlarsiz tijorat kompaniyasi uchun 12% ijtimoiy soliq, byudjet tashkiloti uchun 25%. IT Park rezidenti bo‘lsangiz, ozod qilish tatbiq etilishini tekshiring.
- Vaziyatga qarab yuzaga keladigan to‘lov va majburiyatlarni hisobga oling. Ta’til pulini alohida qo‘shmang, lekin uning to‘lanish vaqtini va ishdan bo‘shatishdagi kompensatsiya uchun zaxirani hisobga oling. Ta’til va kasallik davrida xodimning o‘rnini bosish xarajatlarini rejaga kiriting. Agar kompaniyada nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘rtacha ish haqining 100% igacha qo‘shimcha to‘lovni ham kiriting.
- Qidiruv va ishga chiqish bo‘yicha bir martalik pul xarajatlarini hisoblang. Pullik vakansiyalar, rekruter xizmatlari va lavozim talab qilsa, tibbiy ko‘rik.
- Moslashuv va o‘qitishni hisoblang. Kurslar va treninglarni pulda, murabbiy vaqtini soatlarda, pul byudjetidan alohida hisoblang.
- Ish o‘rni xarajatlarini qo‘shing. Aynan shu lavozim uchun kerak bo‘lgan jihozlar, dasturlar va obunalar. Aktivning bir martalik xaridini oylik to‘lovlardan ajrating.
- Byudjetni ikki gorizont bo‘yicha jamlang. Birinchi oy bir martalik xarajatlar bilan, keyingi oylar faqat muntazam xarajatlar bilan.
Davr uchun ishga olishning pul byudjeti = Hisoblangan ish haqi × 1,12 × oylar soni + vaziyatga qarab qilinadigan to‘lovlar + bir martalik pul xarajatlari
1,12 ko‘paytuvchisi ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘lmagan tijorat ish beruvchisi uchun to‘g‘ri. Misoldagi mutaxassis uchun dastlabki 12 oylik pul byudjeti 7 840 000 × 12 + 9 000 000 = 103 080 000 so‘mni tashkil etadi. Bunga o‘rnini bosish va qo‘shimcha to‘lovlar kirmaydi. Birinchi oy 16 840 000 so‘mga, keyingi har bir oy 7 840 000 so‘mga tushadi.
Ikki marta hisoblashning oldini olish uchun uch narsani tekshiring:
- JShDS xarajatlarga qo‘shilmagan;
- ta’til puli 12 oylik hisoblashlar ustiga qo‘shilmagan;
- xodimlar vaqti va unumdorlik bahosi pul byudjetiga kirib qolmagan.
Xodimlarga xarajatlarni xatosiz qanday rejalashtirish mumkin
Takliflarni bitta birlikda, ya’ni kompaniyaning bevosita xarajatlarida solishtiring. A nomzod qo‘liga 9 000 000 so‘m, B nomzod esa 10 000 000 so‘m hisoblangan ish haqi so‘raydi. A arzonroqdek tuyuladi. Biroq A oyiga 11 454 546 so‘mga tushadi (hisoblangan ish haqi 10 227 273 so‘m), B esa 11 200 000 so‘mga.
Birinchi xodimni tayyor jarayon bilan ishga oling. U ishga chiqqunga qadar quyidagi masalalarni hal qiling: shartnoma va ta’tillarni YaMMTda kim ro‘yxatdan o‘tkazadi, ish vaqti tabelini kim yuritadi, soliqlarni 15-sanagacha kim hisoblab o‘tkazadi. Birinchi xodimda yo‘l qo‘yilgan xatolar keyin butun jamoada takrorlanadi.
Shtatni kengaytirishni choraklar bo‘yicha rejalashtiring. Har bir yangi xodim muntazam xarajat va ishga chiqqan oyda bir martalik xarajatlar keltiradi. Agar beshta xodim bir vaqtda olinsa, bir martalik xarajatlar bitta oyga to‘g‘ri keladi va kassa uzilishiga olib kelishi mumkin.
Ish haqi fondining alohida byudjetini yuriting. Har oy reja va haqiqiy ko‘rsatkichlarni solishtiring: hisoblashlar, soliqlar, mukofotlar, ta’til puli, nafaqalarga qo‘shimcha to‘lovlar. Ish haqini qayta ko‘rib chiqishni ham rejaga kiriting. 2026-yil yanvar–iyun oylarida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha hisoblangan ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,4% ga oshgan. Bu umuman iqtisodiyot bo‘yicha ko‘rsatkich, sizning tarmog‘ingiz uchun prognoz emas.
Ko‘zga tashlanmaydigan xarajatlarni taxmin bilan emas, ma’lumotlar asosida aniqlang. Vakansiya o‘rtacha necha kun bo‘sh turadi? Yangi xodimlarning qanchasi sinov muddati tugashidan oldin ketadi? Hamkasblarda qancha qo‘shimcha ish soati to‘planadi? Bu ko‘rsatkichlar ko‘pincha kompaniyaga maoshlar o‘rtasidagi farqdan ham qimmatroqqa tushadi.
Faqat ish haqini emas, jarayonlarni ham optimallashtiring. Maoshlarni bozor darajasidan pasaytirish ish haqi fondini tejaydi, ammo kadrlar qo‘nimsizligini va takroriy ishga olish xarajatlarini oshirishi mumkin. Vakansiyani yopish muddatini qisqartirish va moslashuvni yaxshilash ko‘pincha ishga olish sifatini pasaytirmasdan samara beradi.
Xulosa: xodim byudjeti hisoblangan ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi
Imtiyozlarga ega bo‘lmagan tijorat kompaniyasining xodimga bevosita xarajatlari hisoblangan ish haqi va 12% ijtimoiy soliqdan iborat. Qo‘lga tegadigan summa hisoblangan ish haqidan 12% kam. Shuning uchun kompaniya qo‘lga tegadigan summadan taxminan 27% ko‘proq sarflaydi. Ta’til va kasallik nafaqalari asosan yillik hisoblashlar fondi bilan qoplanadi, ammo o‘rnini bosish, kompensatsiyalar va qo‘shimcha to‘lovlar uchun zaxira talab qiladi. Xodim tanlash, ish o‘rni va moslashuv xarajatlari alohida byudjetni tashkil etadi. Unda ham xodimlar vaqtini puldan ajratgan ma’qul.
Byudjet to‘g‘ri chiqishi uchun bir vaqtning o‘zida to‘rt narsa kerak: ish haqi soliqlarining to‘g‘ri hisob-kitobi, kadrlar hujjatlari va YaMMTda tartib, tanlov xarajatlarining bahosi va ish haqi fondining muntazam prognozi. Ish haqi, soliqlar va ular bo‘yicha hisobotlarni hisoblash CA Consultingning buxgalteriya xizmatlari tarkibiga kiradi. Xodimlarni tanlash va baholashda esa HR xizmatlari yordam beradi.


